Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisidagi ariza bilan ushbu Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan tartibda murojaat qilgan taqdirda, talabgor tomonidan quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi: yuridik shaxs uchun — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR); jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR); talabgor amalga oshirish niyatida boʻlgan faoliyatning litsenziyalanadigan turi yoki ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) turi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda — mazkur faoliyatning kichik turi; qonunchilikda nazarda tutilgan litsenziya yoki ruxsat berish talablari hamda shartlari talabgor tomonidan bajarilishi mumkinligini tasdiqlovchi boshqa maʼlumotlar. Talabgor tomonidan taqdim etilgan, litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar, vakolatli organ aksini isbotlaguniga qadar, barcha hollarda toʻgʻri deb hisoblanadi. Talabgordan ushbu moddada hamda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda, shuningdek ularning pasportlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ariza talabgor tomonidan maxsus elektron tizim yoki YIDXP vositasida yuborilgan taqdirda, u elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi. Talabgor notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqdim etganlik uchun qonunga muvofiq javobgar boʻladi.