Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida 28-1-modda. Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi doirasida olishning oʻziga xos xususiyatlari

“Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi doirasida talabgor faoliyatning litsenziyalanadigan turini yoki amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) turini maxsus elektron tizim yoki YIDXP orqali vakolatli organga bepul tarzda xabar bergan holda, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olmasdan amalga oshirishi mumkin. “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimining amal qilish muddati uch oy boʻlib, ushbu muddat davomida talabgor muayyan faoliyatni (harakatni) litsenziyasiz yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi. Talabgor “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimining amal qilish muddati davomida: oʻz faoliyatini (harakatlarini) litsenziya yoki ruxsat berish talablariga va shartlariga muvofiqlashtirish choralarini koʻradi; tegishli litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni belgilangan tartibda oladi yoxud mazkur faoliyatni (harakatlarni) tugatadi. “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi amal qiladigan faoliyatning litsenziyalanadigan turi va amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) turi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda, shuningdek ularning pasportlarida belgilanadi.