Vakolatli organ xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga ilovalar hisoblanuvchi pasportlarda nazarda tutilgan talablar va shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishi mumkin. Xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) toʻxtatib turish uchun asoslar aniqlangan taqdirda, vakolatli organ dalolatnoma tuzadi va xabardor qiluvchini ushbu dalolatnoma bilan tanishtiradi. Dalolatnoma tuzilgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida vakolatli organ xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turadi va aniqlangan kamchiliklarni xabardor qiluvchining faoliyati (harakatlari) toʻxtatib turilgan muddatda bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani oʻz ichiga olgan qarorni qabul qiladi. Vakolatli organ xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni unga maxsus elektron tizim vositasida bir ish kuni ichida yuboradi va shu kunning oʻzida xabarnomalar reyestriga xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyati (harakatlari) toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisidagi axborotni kiritadi.