Xabardor qiluvchi oʻzining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni belgilangan tartibda olganidan keyin u qarorda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishi va bu haqdagi axborotni vakolatli organga asoslantiruvchi hujjatlarni ilova qilgan holda yuborishi kerak. Vakolatli organ kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi axborotni olgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida ushbu axborotni tahlil qilishi va zarur boʻlganda, olingan axborotni joyiga chiqqan holda oʻrganishi kerak. Bunda vakolatli organ kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzadi va uni xabardor qiluvchiga maxsus elektron tizim vositasida yuboradi. Vakolatli organ kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yuborilganidan keyin bir ish kuni ichida: xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi; xabardor qiluvchiga uning xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) qayta tiklash toʻgʻrisidagi qarorni maxsus elektron tizim vositasida yuborishi; xabarnomalar reyestriga xabardor qiluvchining faoliyati (harakatlari) qayta tiklanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyishi kerak. Xabardor qiluvchi tomonidan oʻzining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, vakolatli organ xabardor qiluvchining faoliyatini (harakatlarini) tugatish choralarini koʻradi. Agar vakolatli organ ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrmasa, xabardor qiluvchi vakolatli organni maxsus elektron tizim vositasida xabardor qilgan holda oʻz faoliyatini (harakatlarini) davom ettirishi mumkin.