Vakolatli organ masofaviy nazoratni maxsus elektron tizim imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda litsenziatlarning, faoliyatni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslarning, xabardor qiluvchilarning xodimlari toʻgʻrisida, litsenziya, ruxsat etish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishi haqida taqdim etilgan axborot, shuningdek boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan olingan axborot asosida amalga oshiradi. Masofaviy nazoratni amalga oshirish chogʻida litsenziatlar, faoliyatni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslar, xabardor qiluvchilar belgilangan talablar hamda shartlarni buzish hollari toʻgʻrisida maxsus elektron tizim vositasida avtomatik ravishda kelib tushadigan xabarlar vakolatli organning maxsus elektron tizimdagi “shaxsiy kabineti”ga yuboriladi. Kelib tushayotgan xabarlar asosida vakolatli organ jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatini tahlil qiladi va oʻrganadi. Bunda vakolatli organ litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari va shartlarining buzilishi hollarini bartaraf etish yuzasidan koʻrsatma berishi shart. Litsenziatlar, faoliyatni ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida amalga oshiruvchi shaxslar, xabardor qiluvchilar masofaviy nazorat asosida vakolatli organ tomonidan berilgan koʻrsatmada bayon etilgan talablarni oʻn ish kuni ichida bajarishi va bu haqda vakolatli organga xabar berishi shart. Koʻrsatma bajarilmagan yoki oʻz vaqtida bajarilmagan taqdirda vakolatli organ “xavfni tahlil qilish” tizimi asosida ularning faoliyatini tekshirishdan oʻtkazishi mumkin. Litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari va shartlarini masofaviy nazorat qilish vakolatli organlar tomonidan doimiy asosda amalga oshiriladi.