Shikoyat yozma, ogʻzaki yoki elektron shaklda beriladi va unda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: qarorni qabul qilgan yoki harakatni amalga oshirgan vakolatli organning nomi; shikoyat bergan jismoniy shaxsning (uning vakilining) familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi, yuridik shaxs uchun esa uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili); shikoyat bergan shaxsning talablari; ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati (mavjud boʻlgan taqdirda); shikoyat berilgan sana. Shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxs (uning vakili) tomonidan imzolanadi. Agar shikoyat vakil tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning koʻchirma nusxasi ilova qilinishi kerak. Jismoniy shaxs ogʻzaki shikoyat qilayotganda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa — oʻz vakolatlarini va shaxsini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etishi kerak. Elektron shaklda beriladigan shikoyatda jismoniy yoki yuridik shaxsning elektron manzili hamda yagona identifikatori, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa — raqamli imzosi va boshqa rekvizitlari koʻrsatiladi.