Shikoyatni olgan yuqori turuvchi vakolatli organ va apellyatsiya kengashi ustidan shikoyat berilayotgan qaror, harakatlar toʻgʻrisidagi tegishli axborotni shikoyat olingan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida soʻrab oladi. Yuqori turuvchi vakolatli organ yoki apellyatsiya kengashi shikoyat boʻyicha oʻn besh ish kuni ichida qaror qabul qiladi. Yuqori turuvchi vakolatli organ yoki apellyatsiya kengashi shikoyat boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli: ustidan shikoyat qilinayotgan qarorni oʻzgarishsiz qoldirish; ustidan shikoyat qilinayotgan qarorga oʻzgartishlar kiritish; qarorni bekor qilish va zarur boʻlgan taqdirda, yangi qaror qabul qilish; vakolatli organ yoki uning mansabdor shaxsi zimmasiga berilgan shikoyat mohiyati boʻyicha muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklash. Shikoyat boʻyicha apellyatsiya kengashining qarori barcha aʼzolar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Bunda apellyatsiya kengashi aʼzolaridan birortasi ham ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Vakolatli organning qarori ustidan shikoyat qilingan taqdirda shikoyat yuqori turuvchi vakolatli organda yoki apellyatsiya kengashida roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran: qarorning amal qilishi va ijro etilishi toʻxtatib turiladi, bundan litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini yoxud xabardor qiluvchining xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatini (harakatlarini) toʻxtatib turish hollari mustasno; jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash muddati toʻxtatib turiladi.