Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 1-modda. Mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati

Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir. Tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi. Viloyat hokimi, Toshkent shahar hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordirlar. Tuman, shahar hokimi yuqori turuvchi hokim va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordir. Xalq deputatlari Kengashi va hokim viloyat, tuman va shahar uchun umumiy boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalari amalga oshirilishini, joylarda qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlar, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar qarorlarining ijrosini, Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi aloqalarni, aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishni taʼminlaydi. Mahalliy hokimiyat vakillik organlari va hokimlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega boʻladilar.