Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 16-3-modda. Xalq deputatlari Kengashi raisini saylash

Xalq deputatlari Kengashining birinchi sessiyasi xalq deputatlari Kengashi raisini saylashdan boshlanadi. Xalq deputatlari Kengashi raisini saylash uchun deputatlar orasidan xalq deputatlari Kengashiga saylovda ishtirok etgan har bir siyosiy partiya deputatlaridan iborat siyosiy partiyalar vakillari guruhi tashkil etiladi. Siyosiy partiyalar vakillari guruhining tarkibi toʻgʻrisidagi qaror deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Siyosiy partiyalar vakillari guruhining majlisida xalq deputatlari Kengashiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiyaning vakili raislik qiladi. Xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimiga nomzodlar siyosiy partiyalar vakillari guruhining tavsiyasi asosida deputatlar orasidan shakllantiriladi. Ayni bir shaxs bir vaqtning oʻzida boshqa viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas. Xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimiga nomzod, agar u ovoz berish natijasida Kengash deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan boʻlsa, saylangan deb hisoblanadi. Xalq deputatlari Kengashi raisi saylanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, uni xalq deputatlari Kengashi sessiyasida raislik qiluvchi imzolaydi.