Tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi. Viloyat, tuman va shahar hokimi oʻz vakolatlarini yakkaboshchilik asosida amalga oshiradi hamda oʻzi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va harakatlari uchun shaxsan javobgar boʻladi. Hokim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan miqdorda birinchi oʻrinbosarga va oʻrinbosarlarga ega boʻladi. Viloyat va Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari hamda oʻrinbosarlari hokim tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, bu xususda qabul qilingan qaror tegishli xalq deputatlari Kengashining tasdigʻiga kiritiladi. Tuman, shahar hokimining oʻrinbosarlari tegishli hokim tomonidan yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, bu xususda qabul qilingan qaror tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining tasdigʻiga kiritiladi. Tumanga boʻysunuvchi shahar hokimining oʻrinbosarlari tegishli hokim tomonidan yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Hokimning oʻrinbosarlari hokim tomonidan belgilangan vazifalar taqsimotiga muvofiq ish bajaradilar. Hokim yoʻqligida yoki u zimmasidagi vazifalarni bajarish imkoniyatiga ega boʻlmagan taqdirda uning vakolatlarini birinchi oʻrinbosar yoki hokimning topshirigʻiga binoan uning oʻrinbosarlaridan biri bajaradi. Hokim, uning oʻrinbosarlari, hokimlikning boshqa xodimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslari boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas.