Hududiy adliya boshqarmalarining boshliqlari har yili tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga joylardagi norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyoti, huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi. Hududiy adliya boshqarmasi boshligʻining axborotini eshitish yakunlari boʻyicha tegishli xalq deputatlari Kengashining qarori qabul qilinib, qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi. Tumanlar (shaharlar) adliya boʻlimlarining boshliqlari har olti oyda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi. Tuman (shahar) adliya boʻlimi boshligʻining axborotini eshitish yakunlari boʻyicha tegishli xalq deputatlari Kengashining qarori qabul qilinib, qaror hududiy adliya boshqarmasiga yuboriladi.