Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida 26-modda. Xalq deputatlari Kengashi va hokim faoliyatining qonuniyligini nazorat qilish

Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining qonunchilik normalariga muvofiq boʻlmagan qarorlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan bekor qilinadi. Hokim xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid qarorini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida Kengashga tegishli taqdimnoma kiritadi, bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning yuzaga kelishi uchun asos boʻlgan qarorlar mustasno. Kengash hokimning taqdimnomasini bir oylik muddatda koʻrib chiqib, Kengash qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi tomonidan hokimning taqdimnomasi qanoatlantirilmagan taqdirda, hokim Kengashning tegishli qarorini bekor qilish toʻgʻrisida yuqori turuvchi Kengashga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yoki sudga murojaat qilishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori bilan bekor qilingan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining qarorlari oʻzining amal qilishini tugatadi. Hokimlarning hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan toʻxtatiladi yoki bekor qilinadi. Hokimlarning qonunchilikka, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zid boʻlgan hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan toʻxtatiladi yoki bekor qilinadi, bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning yuzaga kelishi uchun asos boʻlgan hujjatlar mustasno.