Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 127-modda. Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni oʻrnatish qoidalarini buzish

Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni oʻrnatish, xuddi shuningdek ularni oʻzgartirib oʻrnatish — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni oʻrnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini koʻrish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga toʻsqinlik qiladigan turli ashyolar oʻrnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.