Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksda qoʻyilayotgan talablarga rioya etilgan holda berilgan ariza tegishli sudning ish yurituviga qabul qilinadi. Arizani sudning ish yurituviga qabul qilish toʻgʻrisidagi masala u sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay sudya tomonidan yakka tartibda hal qilinadi. Arizani ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida sud qaror chiqaradi. Qarorning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 324¹¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.