Sud chiqimlari sud xabarnomalari va sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan, sud tayinlagan ekspertizani oʻtkazish, guvohni chaqirish, dalillarni joyida koʻzdan kechirish, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlardan, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan iboratdir. Pochta xarajatlarining summasi sud tomonidan belgilanadi, biroq bu summa bazaviy hisoblash miqdorining oʻndan bir qismidan oshmasligi kerak va sudning depozit hisobvaragʻiga kiritilishi lozim. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning summasi sud tomonidan belgilanadi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 115-moddasiga muvofiq undiriladi.