Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan talablar miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi. Hal qiluv qarori oʻz foydasiga chiqarilgan tarafga ish boʻyicha qilingan barcha sud xarajatlarining oʻrni, garchi boshqa taraf davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa ham ushbu boshqa taraf hisobidan qoplanadi. Arizachi toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, qanoatlantirilgan talablar miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undiriladi. Arizachining talablari u sudga murojaat qilganidan soʻng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi. Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab arz qilingan talablarni qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari koʻzlanib ariza taqdim etilgan shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisida kelishib olsa, sud ushbu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarorini qabul qiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.