Taraflar maʼmuriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda toʻliq hajmda yoki qisman hal etishi mumkin. Taraflarning kelishuvi ixtiyoriylik, hamkorlik va teng huquqlilik prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Taraflarning kelishuviga faqat javobgarda maʼmuriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi. Taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar subyekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli boʻlishi hamda taraflarning oʻzaro yon berishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin. Kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanadi. Ushbu Kodeks 27-moddasi birinchi qismining 1 , 3 , 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan ishlar boʻyicha, shuningdek uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan shartlarni nazarda tutadigan ishlar boʻyicha kelishuv bitimining tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.