Sudya ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda berilgan arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishi va ish qoʻzgʻatishi shart. Sudya ushbu Kodeks 130-moddasi birinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan arizani, agar arizaga davlat bojini toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi yoki arizachida mavjud boʻlmagan dalillarni talab qilib olish haqidagi iltimosnomalar ilova qilingan hamda bu iltimosnomalar qanoatlantirilgan boʻlsa, ish yuritishga qabul qilishga va ish qoʻzgʻatishga haqli. Sudyaning ushbu Kodeks 130-moddasi birinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan arizani ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi xulosasi arizani ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda asoslantirilgan boʻlishi kerak.