Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 174-modda. Xususiy ajrim va qaror

Ishni koʻrish chogʻida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlarining buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqli. Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonunchilik hujjatlarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani oʻzlarining vakolatiga muvofiq koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin. Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, yuridik shaxslarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi, ular koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shart. Xususiy ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Agar sud nizoni koʻrayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun bu haqda tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qiladi. Ishni koʻrishda mansabdor shaxsning yoki fuqaroning xatti-harakatlarida, ularning ishda ishtirok etishidan qatʼi nazar, maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlansa, agar ushbu maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish qonunda mazkur sudning vakolatiga kiritilgan boʻlsa, sud ularni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasini koʻrib chiqadi. Maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida sud qaror qabul qiladi. Qaror ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.