Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa apellyatsiya protesti keltirishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqlidir, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno. Sudning hal qiluv qarori ustidan toʻliq yoki qisman shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.