Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati, prokuror esa kassatsiya protesti berishga haqli. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan va apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishga haqli, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar mustasno. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan toʻliq yoki qisman shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.