Ushbu Kodeksning 21 va 22-moddalarida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlsa, sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, sud majlisi kotibi va tarjimon oʻzini oʻzi rad qilish haqida arz qilishi shart. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan ham shu asoslarga koʻra ularni rad qilish haqida arz qilinishi mumkin. Prokurorni, ekspertni, mutaxassisni, sud majlisi kotibini, tarjimonni rad qilish sudning tashabbusiga koʻra ham koʻrib chiqilishi mumkin. Oʻzini oʻzi rad qilish yoki rad qilish haqidagi ariza asoslantirilgan boʻlishi va ishni mazmunan koʻrish boshlanguniga qadar maʼlum qilinishi kerak. Ish koʻrilayotganda oʻzini oʻzi rad qilish yoki rad qilish haqida ariza berishga, agar oʻzini oʻzi rad qilish yoki rad qilish uchun asos oʻzini oʻzi rad qilish yoxud rad qilish haqida ariza bergan shaxsga ishni mazmunan koʻrish boshlanganidan keyin maʼlum boʻlib qolgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Ayni bir shaxs tomonidan ayni bir asoslar boʻyicha takroran rad qilish bildirilishi mumkin emas. Takroran rad qilish bildirilgan taqdirda, u koʻrib chiqilmaydi.