Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni taftish tartibida koʻradigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi nomiga yoʻllanadi, lekin hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi. Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida koʻradigan sudga ish bilan birga yuborishi shart. Mazkur Kodeks 249-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan sud hujjatlari ustidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.