Maʼmuriy sudga fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar taalluqlidir, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga, iqtisodiy sudlarga va harbiy sudlarga taalluqli ishlar mustasno. Qonun bilan maʼmuriy sudga taalluqli ishlar jumlasiga boshqa ishlar ham kiritilishi mumkin. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼmuriy sud oʻziga taalluqli ishlarni fuqarolar, yuridik shaxslar va maʼmuriy organlar, shuningdek oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokida koʻradi. Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari maʼmuriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga yoki fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.