Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ajrim chiqarilgan sana va joy; 2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari; 3) shikoyat bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi); 4) ustidan taftish tartibida shikoyat berilgan sud hujjatlari; 5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni; 6) taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish asoslari. Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqarilganda shikoyat va unga ilova qilingan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida qoladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari sudyaning taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimiga qoʻshilmaslikka hamda taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning arizasiga asosan uni bekor qilish va shikoyatni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida ajrim chiqarishga haqli. Taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza koʻrib chiqilmaydi.