Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 270-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani berish tartibi va muddati

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza ushbu sud hujjatini qabul qilgan sudga sud hujjatini qayta koʻrish uchun asos boʻladigan holatlar ochilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay, ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki prokuror tomonidan beriladi. Arizaga ariza va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Ariza berishning oʻtkazib yuborilgan muddati, ariza bilan murojaat qilgan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha, agar iltimosnoma qayta koʻrish uchun asos boʻladigan holatlar ochilgan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay berilgan boʻlsa va sud muddatni oʻtkazib yuborish sabablarini uzrli deb tan olsa, sud tomonidan tiklanishi mumkin.