Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 283-modda. Ijro varaqasining dublikatini berish

Ijro varaqasi yoʻqotilgan taqdirda, uni bergan sud undiruvchining arizasiga koʻra ijro varaqasining dublikatini berishi mumkin. Ijro varaqasining dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza ijro varaqasini ijroga taqdim etish uchun belgilangan muddat oʻtguniga qadar berilishi mumkin, bundan ijro varaqasi davlat ijrochisi yoki ijroni amalga oshiruvchi boshqa shaxs tomonidan yoʻqotilgan va bu haqda undiruvchiga ijro varaqasini ijroga taqdim etish uchun belgilangan muddat oʻtgandan soʻng maʼlum boʻlgan hollar mustasno. Ushbu hollarda ijro varaqasining dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza ijro varaqasi yoʻqotilganligi undiruvchiga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Ijro varaqasining dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Undiruvchi, qarzdor sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay chiqarilgan sud ajrimi orqali, ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Biroq, sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi undiruvchi va qarzdorga yuboriladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.