Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 288-modda. Ijro varaqasini chaqirib olish va yangi ijro varaqasini berish

Sud yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar, arifmetik xatolar bilan berilgan, shuningdek oʻzgartirilgan (bekor qilingan) sud hujjati asosida berilgan ijro varaqasini undiruvchining, qarzdorning, davlat ijrochisining arizasiga yoki oʻz tashabbusiga koʻra taraflarni chaqirtirmasdan hamda sud muhokamasisiz chaqirib olishga va uning oʻrniga yangi ijro varaqasini berishga haqli. Ijro varaqasini chaqirib olish va yangi ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek, agar sud qarorining ijrosi davlat ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, davlat ijrochisiga yuboriladi. Yozuvdagi xatolar, harfiy xatolar, arifmetik xatolar bilan berilgan yoki oʻzgartirilgan (bekor qilingan) sud hujjati asosida berilgan ijro varaqasi undiruvchi yoki davlat ijrochisi tomonidan uni bergan sudga ijro etilmasdan qaytariladi. Ijro varaqasini chaqirib olish va yangi ijro varaqasini berish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.