Sudda oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirish layoqati voyaga yetgan fuqarolar va yuridik shaxslarga tegishlidir. Voyaga yetmagan shaxs qonunda oʻn sakkiz yoshgacha nikoh qurish mumkin boʻlgan holda — nikoh qurgan vaqtdan boshlab, shuningdek u qonunda belgilangan tartibda toʻliq muomalaga layoqatli deb eʼlon qilingan holda (emansipatsiya) sudda oʻz protsessual huquqlarini shaxsan amalga oshirishi va protsessual majburiyatlarini bajarishi mumkin. Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxsning, shuningdek muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari sudda ularning qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, homiylar, tarbiyalovchi, davolovchi muassasalar yoki boshqa shunga oʻxshash muassasalar maʼmuriyati) tomonidan himoya qilinadi. Biroq, sud voyaga yetmagan shaxsning oʻzini yoki muomala layoqati cheklangan fuqaroni bunday ishlarda ishtirok etishga jalb qilishga haqli. Qonunda nazarda tutilgan hollarda, maʼmuriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha voyaga yetmagan shaxs sudda oʻz huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini shaxsan himoya qilish huquqiga ega. Biroq, sud voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakillarini bunday ishlarda ishtirok etishga jalb qilishga haqli. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxsning, shuningdek ruhiy holati buzilganligi (ruhiy kasalligi yoxud aqli zaifligi) natijasida muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari sudda ularning qonuniy vakillari tomonidan himoya qilinadi.
2-§. Maʼmuriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining tarkibi, huquq va majburiyatlari