Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 43-modda. Protsessual huquqiy vorislik

Taraflardan biri nizoli yoki sud hujjati bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan holda (yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi, fuqaroning vafot etishi va majburiyatlardagi shaxslar oʻzgarishining boshqa hollarida) sud bu tarafni uning huquqiy vorisi bilan almashtiradi. Huquqiy vorislik maʼmuriy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkin. Tarafni huquqiy voris bilan almashtirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Tarafni huquqiy voris bilan almashtirish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Taraf huquqiy voris bilan almashtirilganidan keyin maʼmuriy sud ishlarini yuritish almashtirish amalga oshirilgan bosqichning oʻzida davom ettiriladi. Huquqiy voris ishga kirishguniga qadar sud protsessida amalga oshirilgan barcha harakatlar huquqiy vorisga oʻrnini boʻshatib bergan shaxsga qay darajada majburiy boʻlgan boʻlsa, huquqiy voris uchun ham shu darajada majburiydir.