Ish boʻyicha dalillar ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan faktlar haqidagi maʼlumotlar boʻlib, ular asosida sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arz qilingan talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlaydi. Bunday maʼlumotlar ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanadi. Qonunni buzgan holda olingan dalillardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.