Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 72-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari

Ishning maʼmuriy sud tomonidan barchaga maʼlum deb topilgan holatlarini isbotlash talab etilmaydi. Maʼmuriy sudning ilgari koʻrilgan ish boʻyicha qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar sud shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa ishni koʻrayotganida yangidan isbot qilinmaydi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoki iqtisodiy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boshqa ishni koʻrayotgan maʼmuriy sud uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudning yoki iqtisodiy sudning hal qiluv qarorida aniqlangan va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga daxldor boʻlgan holatlarga doir masalalar boʻyicha majburiydir. Jinoyat ishlari boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha maʼmuriy sud uchun majburiydir.