Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 81-modda. Qoʻshimcha va takroriy ekspertizalar

Qoʻshimcha ekspertiza ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasidagi boʻshliqlarni toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa ekspert (ekspertlar komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi. Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslanmagan boʻlsa yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda takroriy ekspertiza tayinlanadi. Takroriy ekspertiza tayinlanganda ekspert (ekspertlar komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin. Takroriy ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda takroriy ekspertizani tayinlagan sudning birinchi (oldingi) ekspertiza xulosasiga rozi emasligi sabablari koʻrsatilishi lozim. Takroriy ekspertizani oʻtkazish boshqa ekspertga (ekspertlar komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) ekspertizani oʻtkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) takroriy ekspertizani oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirishda va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.