Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 22-modda. Maʼmuriy ish yuritish ishtirokchilari

Maʼmuriy ish yuritish ishtirokchilari quyidagilardan iborat: maʼmuriy organ; qabul qilinayotgan maʼmuriy hujjat yoki amalga oshirilayotgan maʼmuriy harakat oʻziga qaratilgan shaxs (bundan buyon matnda adresat deb yuritiladi); huquqlari va qonuniy manfaatlariga maʼmuriy hujjat yoki maʼmuriy harakat daxldor boʻlgan yoxud daxldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaxs (bundan buyon matnda uchinchi shaxs deb yuritiladi). Maʼmuriy organ uchinchi shaxslarni maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etishga oʻz tashabbusiga yoki manfaatdor shaxsning iltimosnomasiga koʻra jalb qilishi mumkin. Qonunchilikda belgilangan hollarda uchinchi shaxslar maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etishga majburiy tartibda jalb etiladi.