Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 31-modda. Maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etish imkoniyatini istisno qiluvchi holatlar

Maʼmuriy organning mansabdor shaxsi maʼmuriy organ nomidan maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etishga quyidagi hollarda haqli emas, agar u: mazkur maʼmuriy ish yuritishda manfaatdor shaxs boʻlsa; maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslardan biri bilan qarindoshlik yoki qayin-boʻyinchilik va quda-andachilik munosabatida boʻlsa (boʻlgan boʻlsa); maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslardan birining vakili boʻlsa yoki ilgari uning vakili sifatida ayni shu maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etgan boʻlsa; mazkur maʼmuriy ishni yuritishda maʼmuriy ishni hal etishga koʻmaklashuvchi shaxs sifatida ishtirok etayotgan boʻlsa yoki ilgari ishtirok etgan boʻlsa; boshqacha tarzda shaxsan, bevosita yoki bilvosita maʼmuriy ishni hal etish natijasidan manfaatdor boʻlsa yoki uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa. Maʼmuriy ishni hal etishga koʻmaklashuvchi shaxslarni rad qilish toʻgʻrisida ushbu modda birinchi qismining ikkinchi , uchinchi , toʻrtinchi va oltinchi xatboshilariga muvofiq, shuningdek ushbu shaxslarning mazkur maʼmuriy ish holatlari boʻyicha ilgari xulosa berganligi yoki ularning maʼmuriy ishni koʻrib chiqayotgan maʼmuriy organning mansabdor shaxsiga, maʼmuriy ish yuritishning boshqa ishtirokchilariga yoki ularning vakillariga xizmat yuzasidan yoxud boshqacha tarzda tobe boʻlganligi asosida arz qilinishi mumkin.