Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 39-modda. Maʼmuriy ish yuritishni tugatish

Maʼmuriy organ quyidagi hollarda maʼmuriy ish yuritishni tugatishi shart: maʼmuriy ish maʼmuriy organda koʻrish uchun tegishli boʻlmasa; maʼmuriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari ishtirokidagi, ayni bir predmet va ayni bir asoslar boʻyicha maʼmuriy ish yuqori turuvchi maʼmuriy organning yoki sudning ish yurituvida boʻlsa; maʼmuriy ish vakolatli maʼmuriy organga qayta yuborilgan boʻlsa yoki maʼmuriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari ishtirokidagi, ayni bir predmet va ayni bir asoslar boʻyicha maʼmuriy ish mazkur ishni hal qilishga vakolatli boʻlgan boshqa maʼmuriy organning ish yurituvida boʻlsa; ushbu maʼmuriy organda maʼmuriy ish yuzasidan maʼmuriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari bilan, ayni bir predmet va ayni bir asoslar boʻyicha maʼmuriy hujjat qabul qilingan boʻlsa; ariza yoki maʼmuriy shikoyat uni taqdim etgan shaxs tomonidan chaqirib olinsa; maʼmuriy ish yuritish ishtirokchisining huquqiy maqomi (huquqiy holati) oʻzgarishi natijasida maʼmuriy ish boʻyicha maʼmuriy hujjatni qabul qilish mumkin boʻlmay qolsa; maʼmuriy ish yuritishni tamomlash uchun ishtiroki zarur boʻlgan manfaatdor shaxslar uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa; manfaatdor shaxs mavjud boʻlmasa va mazkur holatda ishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxs vafot etganligi yoki yuridik shaxs tugatilganligi natijasida huquqiy vorislikka yoʻl qoʻyilmasa. Maʼmuriy ishni yuritish qonunchilikka muvofiq boshqa asoslarga koʻra ham tugatilishi mumkin. Maʼmuriy ish yuritishni tugatish protsessual hujjat bilan rasmiylashtiriladi. Maʼmuriy ish yuritishni tugatish haqidagi xabar manfaatdor shaxslarga bir ish kuni ichida yuboriladi.