Maʼmuriy organga beriladigan arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ariza berilayotgan maʼmuriy organning nomi; 2) arizachi — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar arizachi yuridik shaxs boʻlsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va manzili; 3) arizachining talabi; 4) arizaga ilova qilinadigan hujjatlarning roʻyxati (agar bunday hujjatlar mavjud boʻlsa); 5) ariza berilgan sana. Ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning koʻchirma nusxasi ilova qilinishi kerak. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab berilgan arizada ushbu moddada koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari oʻz manfaati himoya qilinayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning manzili (pochta manzili) va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborot koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonunchilikda boshqa talablar ham nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Maʼmuriy organ arizachidan qonunchilikda nazarda tutilmagan axborotni yoki hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga, shuningdek arizaga va unga ilova qilingan hujjatlarga nisbatan talablar qoʻyishga haqli emas. Elektron shaklda beriladigan arizalarda arizachining elektron manzili hamda yagona identifikatori, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar koʻrsatilishi kerak. Arizada elektron manzilning koʻrsatilganligi arizachining xabarlarni axborot tizimi orqali qabul qilishga boʻlgan roziligidir. Jismoniy va yuridik shaxslar arizalarni ogʻzaki shaklda berishga ham haqli, bundan qonunchilikda toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlangan hollar mustasno.