Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 44-modda. Maʼmuriy organga ariza berish uchun zarur axborotni taqdim etish

Maʼmuriy organga ariza berish uchun zarur boʻlgan axborot maʼmuriy organning mansabdor shaxsi yoki axborotni taqdim etish oʻz vakolatiga kiritilgan boshqa xodimi tomonidan taqdim etiladi. Maʼlumotnoma tarzidagi axborot qoida tariqasida: arizaning shakliga; arizaning mazmuniga; ariza berish uchun zarur hujjatlar roʻyxatiga; arizaning shakli va mazmuniga doir talablarni buzish oqibatlariga; hujjatlarni qabul qilish va berish vaqtiga; arizani koʻrib chiqish muddatlari va tartibiga; maʼmuriy va protsessual hujjatlar hamda harakatlar ustidan shikoyat qilish tartibiga oid masalalar yuzasidan taqdim etiladi. Maʼmuriy organ arizalar namunalaridan va maʼmuriy ish yuritish bilan bogʻliq boʻlgan xizmat varaqalaridan (blankalardan), shuningdek ularni toʻldirish, shu jumladan maʼmuriy organning rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali toʻldirish boʻyicha yoʻriqnomalardan foydalanishni taʼminlashi shart. Maʼmuriy organ arizachiga qonunchilikka muvofiq zarur yordam koʻrsatishi shart.