Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 49-modda. Maʼmuriy ishni majlisda koʻrib chiqishni keyinga qoldirish

Quyidagilar maʼmuriy ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirish asoslari hisoblanadi: tegishli tarzda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmagan manfaatdor shaxslardan birining majlisga kelmaganligi; maʼmuriy organning maʼmuriy ishni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxsini rad qilish haqidagi arizaning qanoatlantirilganligi yoki uning yoʻqligi; maʼmuriy ish yuritishda ishtirok etuvchi, maʼmuriy ishni oʻzlarisiz koʻrib chiqish mumkin boʻlmagan manfaatdor shaxslarning majlisda hozir boʻlmaganligi; majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan manfaatdor shaxslarning maʼmuriy organ tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra kelmaganligi. Agar maʼmuriy organ majlisga kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoki maʼmuriy ishni koʻrib chiqishni manfaatdor shaxs qasddan choʻzayapti deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlsa, maʼmuriy organ maʼmuriy ishni tegishli tarzda xabardor qilingan manfaatdor shaxsning yoʻqligida koʻrib chiqishga haqli. Manfaatdor shaxslar maʼmuriy ishni ular yoʻqligida koʻrib chiqish xususida iltimos qilishga haqli. Maʼmuriy organ maʼmuriy ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirib, keyingi majlisning vaqti va joyini tayinlaydi, bu haqda hozir boʻlgan shaxslarga tilxat olib eʼlon qiladi. Majlisga kelmagan hamda maʼmuriy ishni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun yangidan jalb qilinadigan shaxslar keyingi majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinadi.