Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 53-modda. Maʼmuriy hujjatning mazmuni

Maʼmuriy hujjat qonuniy, asoslangan, adolatli, aniq va tushunarli boʻlishi kerak. Maʼmuriy hujjatda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) maʼmuriy hujjatning nomi va u qabul qilingan sana; 2) maʼmuriy hujjatni qabul qilgan maʼmuriy organning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili); 3) maʼmuriy ish yuritish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi axborot; 4) maʼmuriy hujjat orqali hal qilinadigan masalaning tavsifi (tavsif qismi); 5) maʼmuriy hujjatning asosi (asoslantiruvchi qismi); 6) qabul qilingan qaror bayoni (xulosa qismi); 7) maʼmuriy hujjat ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi; 8) maʼmuriy organning maʼmuriy hujjatni qabul qilgan mansabdor shaxsining (kollegial organ aʼzolarining) lavozimi, ismi va familiyasi. Maʼmuriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan maʼmuriy hujjatda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin: muayyan huquqning yoki majburiyatning kuchga kirish, oʻz kuchini yoʻqotish payti yoki amal qilish muddati; muayyan hodisaga yoki kelajakda huquqning yoxud majburiyatning kuchga kirishi yoki oʻz kuchini yoʻqotishi bilan bogʻliq boʻlgan shartga doir koʻrsatma; maʼmuriy hujjatni bekor qilish huquqi yoki kelgusida qoʻshimcha farmoyishlar berish huquqi maʼmuriy organda saqlanib qolishi toʻgʻrisidagi izoh; adresatga muayyan harakatlarni amalga oshirish, amalga oshirishga yoʻl qoʻyish yoki amalga oshirishdan tiyilish xususida koʻrsatma beruvchi qoʻshimcha farmoyishlar.