Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 57-modda. Tegishli hujjatni va uning dublikatini berish

Tegishli hujjatni berganlik uchun qonunchilikda belgilangan hollarda yigʻim olinishi mumkin. Maʼmuriy hujjat asosida berilgan hujjatlarni toʻxtatib turish, qayta tiklash va qayta rasmiylashtirish tartibi qonunchilikda tartibga solinadi. Berilgan hujjat yoʻqolgan yoki yaroqsiz boʻlib qolgan taqdirda, manfaatdor shaxsning arizasiga koʻra yangi hujjat yoki uning dublikati qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi. Maʼmuriy organ hujjatni yoki uning dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda yangi hujjatni yoki hujjat dublikatini berishi (yuborishi) shart, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda hujjatning dublikatini berganlik uchun yigʻim maʼmuriy organ tomonidan arizani odatdagi tartibda koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan, dublikat berish toʻgʻrisida ariza berilgan sanada amalda boʻlgan summa miqdorining yarmidan oshmasligi kerak. Yangi hujjat yoki dublikat berish uchun yigʻim miqdori ushbu harakatni amalga oshirish uchun ketgan xarajatlardan oshib ketmasligi kerak.