Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida 63-modda. Maʼmuriy shikoyat qilish tartibi

Manfaatdor shaxs maʼmuriy shikoyatni qonunchilikka muvofiq maʼmuriy shikoyatlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan yuqori turuvchi maʼmuriy organga yoki boshqa vakolatli maʼmuriy organga ustidan shikoyat qilinayotgan maʼmuriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilgan yoxud maʼmuriy harakatni amalga oshirgan maʼmuriy organ orqali berishi mumkin. Maʼmuriy shikoyatni olgan maʼmuriy organ u kelib tushgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida maʼmuriy shikoyatni yuqori turuvchi organga yoki ushbu maʼmuriy shikoyatni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan boshqa maʼmuriy organga maʼmuriy ish bilan birga yuboradi. Manfaatdor shaxs maʼmuriy hujjat ustidan berilgan maʼmuriy shikoyatni maʼmuriy tartibda koʻrib chiqish natijalaridan norozi boʻlgan yoki yuqori turuvchi maʼmuriy organ mavjud boʻlmagan taqdirda, maʼmuriy hujjat ustidan sudga shikoyat qilishga haqli. Qonunchilikda maʼmuriy hujjat ustidan maʼmuriy shikoyat berilishi mumkin boʻlgan boshqa organ belgilanishi mumkin.