Maʼmuriy organ qonunda nazarda tutilgan hollarda quyidagi majburiy ijro choralarini qoʻllashga haqli: pulga oid majburlov; maʼmuriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni maʼmuriy organ yoki boshqa shaxs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish; bevosita majburlov. Majburiy ijro chorasi maʼmuriy organning ijro hujjati bilan rasmiylashtirilishi kerak. Tegishli ijro hujjatini qabul qilmay turib, majburiy ijro choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi. Maʼmuriy organ majburiy ijro chorasini tayinlashda maʼmuriy tartib-taomillar prinsiplariga amal qilishi kerak. Agar tayinlangan majburiy ijro chorasi maʼmuriy hujjat talablarining tegishli tarzda va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlamagan boʻlsa, maʼmuriy organ ogʻirroq majburlov chorasini qoʻllashga haqli. Qonunda boshqa majburiy ijro choralari ham nazarda tutilishi mumkin.