Mediatsiya toʻgʻrisida 13-1-modda. Mediatorning javobgarligi

Mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi unga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladi. Intizomiy ish yuritish malaka komissiyalarining qarori bilan qoʻzgʻatiladi. Intizomiy ish yuritishni qoʻzgʻatish uchun quyidagilar asos boʻladi: mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining, Mediatorning kasb etikasi qoidalarining buzilishi hollari; sudning mediatorga nisbatan chiqargan xususiy ajrimi. Intizomiy ish yuritishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra mediatorga nisbatan malaka komissiyalari tomonidan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin: ogohlantirish; mediator faoliyatini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish; mediatorni Mediatorlar reyestridan chiqarish. Mediatorga nisbatan intizomiy jazo chorasi nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan eʼtiboran, davom etayotgan xatti-harakatlarda esa ular aniqlangan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Agar notarius yoki advokat maqomiga ega boʻlgan mediator ayni bir nojoʻya xatti-harakat uchun notariat yoki advokatura toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilgan boʻlsa, mediatorga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasi koʻrib chiqilmaydi. Mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijasida yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda taraflar oldida javobgar boʻladi.