Mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish mediator jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan eʼtiboran va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud uni reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar, mediatorni reyestrga kiritgan adliya organining qarori bilan amalga oshiriladi. Mediatorning faoliyati mediatorni reyestrga kiritgan adliya organi tomonidan mediatorning oʻz arizasiga koʻra olti oygacha muddatga toʻxtatib turilishi mumkin. Mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari yoki Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi aniqlanganda mediatorning faoliyati malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qarori bilan olti oygacha muddatga toʻxtatib turiladi. Mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish muddati tugagach yoki ushbu moddaning birinchi qismiga asosan mediatorning faoliyatini toʻxtatib turish asoslari bartaraf etilganidan keyin mediatorning faoliyati mediatorni reyestrga kiritgan adliya organining qarori bilan tiklanadi.