Mediatsiya toʻgʻrisida 9-2-modda. Mediatorlar malaka komissiyalari

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari (bundan buyon matnda malaka komissiyalari deb yuritiladi) Mediatorlar reyestriga kiritish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish va mediatorlarning intizomiy javobgarligi bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida tuziladi. Malaka komissiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vazirining, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari bilan yetti nafar aʼzodan iborat boʻlgan tarkibda tuziladi. Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Mediatorlar oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Oliy malaka komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi. Oliy malaka komissiyasi adliya vazirining buyrugʻi bilan toʻqqiz nafar aʼzodan iborat boʻlgan tarkibda tuziladi. Malaka komissiyalari va Oliy malaka komissiyasi tarkibiga kelishuvga koʻra mediatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, adliya organlarining hamda boshqa tashkilotlarning huquq sohasida tajribaga ega boʻlgan xodimlari jalb etiladi.