Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda mehnatga oid munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida xodimlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchiligiga yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining qoidalari mehnatga oid yakka tartibdagi munosabatlar va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchiligida toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan hollarda ham qoʻllaniladi.