Ish beruvchi mehnat normalarining bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart. Bunday shart-sharoitlar jumlasiga quyidagilar kiradi: binolar, inshootlar, mashinalar, texnologik jihozlar va boshqa asbob-uskunalarning soz holatda boʻlishi; ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan texnik hujjatlar va boshqa zarur hujjatlar bilan oʻz vaqtida taʼminlash; mehnat shartnomasida shartlashilgan ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallar, asboblar, boshqa vositalar va buyumlarning lozim darajada sifatli boʻlishi, ularning xodimga oʻz vaqtida taqdim etilishi; mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligi talablariga javob beradigan mehnat shart-sharoitlari.