Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oʻziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlamaganlik uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish oʻz xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan tuzilgan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi. Pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qilishga oid xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan ishga qabul qilinayotgan yoki ishni bajarayotgan oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxs ishga qabul qilinayotganda yoki keyinchalik mehnat shartnomasiga qoʻshimcha tariqasida ushbu shaxs bilan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilishi mumkin. Agar xodim talabgor boʻlgan ish (lavozim) toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishni talab qilsa, xodim esa bunday shartnomani tuzishga rozi boʻlmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishni rad etishga haqli. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim bilan ish beruvchi yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli, xodimlar oʻziga topshirilgan qimmatliklarni saqlash, ularga ishlov berish, ularni sotish (chiqarish), tashish, qoʻllash yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan alohida ish turlarini birgalikda bajarayotgan, har bir xodimning zarar yetkazganlik uchun javobgarligini chegaralash va u bilan yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzish imkoni boʻlmagan taqdirda esa ish beruvchi jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli. Yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnomaga binoan qimmatliklar ularning but saqlanishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar boʻladigan aniq bir xodimga topshiriladi. Oʻzi bilan mazkur shartnoma tuzilgan xodim javobgarlikdan ozod boʻlish uchun oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi ker