Mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashgʻulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga muvofiq mehnat erkinligi mehnat shartnomasi erkinligida namoyon boʻlib, bu quyidagilarni anglatadi: xodimlar va ish beruvchilarning mehnat shartnomasini tuzishdagi erkinligini. Xodimni va ish beruvchini mehnat shartnomasini tuzishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda, qonunda yoki ixtiyoriy ravishda olingan majburiyatda ish beruvchining shartnoma tuzish majburiyati nazarda tutilgan hollarda tuzishi shart; mehnat shartnomasining shartnomaviy (asosiy va qoʻshimcha) shartlarini ushbu shartnoma taraflarining kelishuviga koʻra belgilashni; mehnat shartnomasini xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra oʻzgartirish imkoniyatini; har qanday mehnat shartnomasini ushbu shartnoma taraflarining kelishuviga koʻra istalgan vaqtda bekor qilish imkoniyatini; xodimning ushbu Kodeksda belgilangan tartibda mehnat shartnomasini oʻz tashabbusi bilan bekor qilish huquqini; ish beruvchining xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda mehnat shartnomasini bekor qilish uchun nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda va belgilangan tartibga rioya etilgan holda oʻz tashabbusi bilan bekor qilish huquqini; ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilangan hollarda, mehnat shartnomasida uni bekor qilishning qoʻshimcha asoslarini nazarda tutish imkoniyatini. Majburiy mehnat taqiqlanadi. Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qoʻllash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda oʻz xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehna